25-yubiley Xalqaro «Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari - UzFood 2026» ko’rgazmasi

1 - 3 aprel 2026, O`zekspomarkaz / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Toshkentda "UzFood2025" xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood2025” 24-xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“ItecaExhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamda “ICA Eurasia Group” hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 30 mamlakatdan 400 dan ortiq kompaniya tomonidan oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati, qadoqlash va saqlash uchun eng yangi uskunalar va texnologiyalar, oziq-ovqat va ichimliklarning keng assortimenti taqdim etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat dasturlari ijrosini ta’minlashdir. Ya’ni, bu aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq.

“O‘zekspomarkaz”ning barcha ko‘rgazma maydonlarida namoyish taqdimotlarini o‘tkazish mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi hamkorlar topish, innovatsiyalarni joriy etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda zamonaviy uskunalar, qadoqlash, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.

Toshkentdagi “Golden pages” kompaniyasining vakili Abdulaziz Mamasoliyevning ta’kidlashicha, mazkur korxona mamlakatimizda tashkil etiladigan barcha ko‘rgazmaning ishtirokchisi hisoblanadi.

– “Golden pages” kompaniyasining biznes ma’lumotnomasi tadbirkorlarga tovar va xizmatlar bozorida samarali harakatlanish, shuningdek, o‘z tijorat takliflarini mahalliy va xorijiy kompaniyalarga taqdim etish imkonini yaratadi. Loyiha doirasida biznes sohasini kengaytirish maqsadida kompaniya xorijiy davlatlarning axborot tizimlari bilan ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘ygan. Mahsulotlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni chet el tadbirkorlariga taqdim etish orqali mahalliy korxonalarning bozordagi mavqeini mustahkamlash, investor va hamkorlarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Ma’lumotlar bazamizda 34 mingdan ziyod O‘zbekiston kompaniyasi haqida axborotlar jamlangan. Har yili biz "Ma’lumotnoma" kitobini chop ettirib, ishlab chiqaruvchilarga tarqatamiz, – dedi A. Mamasoliyev.

Turkiyaning "Düzdaş" kompaniyasi mahsulotlari ham ushbu ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Mazkur korxona texnologi Muhammed Ali O‘zbekiston ota yurti ekani va uning iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish maqsadida mazkur tadbirda ishtirok etayotganini ta’kidladi.

– Ochig‘ini aytganda, bunday tadbirlar ishlab chiqaruvchilarni muloqotga va hamkorlikka chorlaydi. Kompaniyamiz 2005 yilda tashkil etilgan. U asosan oziq-ovqat va sanoat uskunalarini, jumladan, sut mahsulotlarini qayta ishlash uchun uskunalar ishlab chiqaradi, "Düzdaş" texnologiyalarining 45 foizdan ziyodi xorijga eksport qilinadi. Kompaniyamiz mahsulotlari yuqori sifati va innovatsion yechimlari bilan dunyoga tanilgan. "Düzdaş"ning ishlab chiqarish va mahsulotlar ko‘rsatkichlari xalqaro miqyosda keng tarqalgan, – dedi u.

Ko‘rgazma ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

Manba